Biz bilan tanishish
Toshkent davlat texnika universiteti dastlab, 1920 yilda Turkiston davlat universiteti qoshida texnika fakulteti sifatida tashkil etilgan. Keyinchalik 1929 yilda Turkiston davlat universitetining texnika fakulteti bazasida O‘rta Osiyo paxtachilik irrigatsiyachi politexnika instituti tashkil etilgan. 1933 yilda O‘rta Osiyo insdustrial institutiga, 1949 yilda O‘rta Osiyo politexnika institutiga, 1961 yilda Toshkent politexnika institutiga aylantirilgan. 1991 yilda Toshkent politexnika instituti va Toshkent mashinasozlik instituti bazasida Toshkent davlat texnika universiteti tashkil etilgan. Abu Rayhon Beruniyning tavalludini 1000 yilligi munosabati bilan 1991 yilda Abu Rayhon Beruniy nomi berilgan. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish maqsadida 2017 yilda Toshkent davlat texnika universitetiga Islom Karimov nomi berilgan. Universitet tarkibida 5 ta fakultet va 53 ta kafedralar mavjud. Universitetda o‘quv jarayoni bakalavriatda kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shakllarida hamda magistraturada kunduzgi ta’lim shaklida amalga oshiriladi. O‘quv jarayoni har yili sentyabr oyidan boshlanadi hamda kredit-modul tizimi asosida tashkil etiladi. Toshkent davlat texnika universiteti xalqaro reyting agentlik – Quacquarelli Symonds (QS) natijalariga ko'ra dunyoning TOP-1000 universitetlari ro‘yxatiga kirib, TOP 901–950 o‘rinni egalladi. Toshkent davlat texnika universitetiga qarashli 5202 o‘ringa mo‘ljallangan 13 ta talabalar turar joyi mavjud bo‘lib, universitetda talabalarni talabalar turar joyiga joylashtirish to‘liq raqamlashtirilgan. Talabalar turar joyiga joylashtirishni onlayn amalga oshirish orqali barcha talabalarga o‘z uylaridan turib talabalar turar joyiga joylashish imkoni yaratildi. Talabalar turar joylarida talabalar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Фотогалерея



