Get to know us
Mamlakatimizdagi eng yirik oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lgan, vodiy gavhari bo‘lmish Namangan davlat universiteti viloyatimizning otaxon universitetidir. 1942-yilda Andijon o‘qituvchilar institutining shahobcha-tarmog‘i Namangan muallimlar tayyorlash oliygohi tashkil etildi. Namangan o‘qituvchilar instituti O‘zbekiston hukumatining qarori va Maorif Vazirligining 1955-yil 17-maydagi buyrug‘iga asosan 1955-1956 o‘quv yilidan boshlab Qori Niyoziy nomidagi Namangan davlat pedagogika institutiga aylantirildi. Davlatimiz mustaqilligining dastlabki yillarida ta’lim va fan ko‘lamining kengayishi natijasida 1992-yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 356-sonli farmoniga muvofiq Namangan davlat pedagogika institutiga universitet maqomi berilgan. Bugun universitet yurtimizdagi eng keksa va navqiron oliy ta’lim dargohlaridan biri sifatida tanilgan. Oliygohda ta’lim kredit-modul asosida olib boriladi. 2021-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 60-sonli qaroriga muvofiq universitetga moliyaviy, akademik va tashkiliy mustaqillik berildi. Hozirgi kunda 20 mingdan ortiq talaba-yoshlar 10 ta fakultet, 27 ta kafedra tarkibida, 74 ta bakalavriat / 26 ta magistratura / 35 ta doktarantura yo‘nalishlarida 600 dan ortiq malakali professor-o‘qituvchilar tomonidan ta’lim va tarbiya olishmoqda. Hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, mehnat bozori ehtiyojlari va yoshlarning ta’limga bo‘lgan qiziqishlarini inobatga olib, so‘nggi yarim yil ichida universitetda 20 ga yaqin yangi ta’lim yo‘nalishlari ochildi hamda qabul parametrlari ikki barobarga oshirildi. Joriy o‘quv yilida 6000 nafarga yaqin abituriyent talabalikka qabul qilinishi rejalashtirilmoqda. Ta’lim jarayonining samaradorligini oshirish maqsadida joriy o‘quv yilidan professor-o‘qituvchilar va talabalarga 5 kunlik ish va o‘qish tizimi joriy etildi. Universitetda professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talabalar o‘rtasida sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlash yo‘lida samarali ishlar amalga oshirildi. San’at va sport fakulteti: Hozirgi kunda ushbu fakultetda 13 ta ta’lim yo‘nalishi mavjud bo‘lib jami 107 nafar professor-o‘qituvchilar 2600 nafar talabalarga ta’lim berib kelishmoqda. Biotexnologiya: Ushbu fakultetda 2 ta ta’lim yo‘nalishi, bular – Biologiya hamda Biotexnologiya yo‘nalishidir. Fakultetda jami 2 ta kafedra mavjud bo‘lib, 44 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatadi. Talabalar soni esa 1000 nafarga yaqinni tashkil etadi. 2025-yilda Shinjon Ekologiya va geografiya instituti bilan hamkorlikda ta’lim jarayonlarining amaliyot bilan bevosita integratsiyasini ta’minlash maqsadida 8 ta o‘quv hamda ilmiy laboratoriyalarini o‘zida jamlagan “Biologik tadqiqotlar markazi” tashkil qilindi. Jahon tillari fakulteti: Hozirgi kunda ushbu fakultetda 60 ta professor-o‘qituvchilar 700 dan ziyod talabalarga ta’lim berib kelishmoqda. Fizika-matematika fakulteti: Fakultetda jami 7 ta yo‘nalish mavjud bo‘lib, professor-o‘qituvchilar soni 97 nafarni, tahsil olayotgan talabalar soni esa 2000 nafarga yaqinni tashkil etadi. Ijtimoiy fanlar fakulteti: Ushbu fakultetda 1400 ga yaqin talaba tahsil olib kelmoqda. Fakultetning mutaxassis tayyorlovchi kafedralarida bugungi kunda 6 nafar professorlar hamda 10 dan ortiq dotsent, 25 nafar professor o‘qituvchilar faoliyat olib bormoqda. Filologiya fakulteti: Hozirda ushbu fakultetda 3 ta kafedra mavjud bo‘lib, bular Tilshunoslik, O‘zbek adabiyotshunosligi hamda Rus tili va adabiyoti. Jami 4 ta yo‘nalishda 2000 nafarga yaqin talaba tahsil olishmoqda. Iqtisodiyot fakulteti: Fakultetda jami 1900 nafarga yaqin talaba tahsil oladi. Fakultetning mutaxassis tayyorlovchi kafedralarida bugungi kunda 1 nafar professor hamda 15 dan ortiq dotsent va 20 ga yaqin o‘qituvchilar dars berib kelishmoqda. Tabiiy fanlar fakulteti: 2021-yilning noyabr oyidan boshlab bugungi kunga qadar respublika oliy ta’lim muassasalarining moddiy texnik ta’minotini yaxshilashga yo‘naltirilgan loyiha asosida “Islom taraqqiyot banki” tomonidan 5 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ jalb qilingan xolda Germaniya, AQSH, Xitoy, Rossiya, Turkiya va boshqa davlatlardagi firmalar bilan hamkorlikda moddiy texnika jihozlari olib kelindi va fakultetning yangi binosiga o‘rnatildi. Yuridik fakulteti: Fakultetda Yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishida jami 1000 ga yaqin talaba tahsil oladi. Ularga 25 dan ortiq ilmiy salohiyatli, professor-o‘qituvchilar ta’lim tarbiya berib kelmoqda. Tibbiyot fakulteti: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil Namangan viloyatiga tashrifi davomida bergan tavsiyasi asosida tashkil etilgan ushbu fakultetda hozirda Davolash ishi hamda Pediatriya ishi yo‘nalishlarida jami mingdan ortiq talabalar tahsil olishmoqda. Fakultetda 3 ta kafedra mavjud bo‘lib, 45 nafar professor-o‘qituvchilar talabalarga ta’lim va tarbiya berib kelishmoqda. Universitetning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, talabalarning ta’lim olishi va yashashi uchun munosib sharoitlar yaratish bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, oxirgi bir yil davomida Fizika-matematika, Tabiiy fanlar va Ijtimoiy fanlar fakulteti talabalari uchun 2000 o‘rinli Innovatsion fakultet o‘quv binosi yangitdan qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi. Mazkur fakultet uchun dastlab 3,5 gektar maydon ajratilgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu hudud 10 gektarga kengaytirildi. Talabalar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida, universitet hududida zamonaviy, barcha qulayliklarga ega 7 qavatli 400 nafar talaba uchun mo‘ljallangan talabalar turar joyi barpo etildi. Shuningdek, talabalarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirish, turli uchrashuv va madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish uchun 450 o‘rinli Ma’naviyat va ma’rifat markazi qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi.
Фотогалерея



